Portfolio Investments mamnuniyat bilan «Avto Climate Control» MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushining 100% xususiylashtirilishi bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qiladi. Biz xususiylashtirish jarayonida Konsultant sifatida ishtirok etib, bitimning barcha muhim bosqichlarida to‘liq hamrohlik xizmatlarini ko‘rsatdik.
Xususiylashtirish doirasida Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing va reklama kampaniyasi amalga oshirildi: potensial investorlarga investitsion tezislar tayyorlanib yuborildi, virtual data-room tashkil qilindi va keng qamrovli tahliliy materiallarga kirish ta’minlandi.
Kampaniya natijasida 4 nafar investordan qiziqish bildirish arizalari (Expression of Interest) qabul qilindi. Dastlabki tanlov yakunlariga ko‘ra, belgilangan mezonlarga javob bergan barcha nomzodlar keyingi bosqich — majburiy takliflar (Binding Offer) taqdim etish bosqichiga taklif qilindi.
Majburiy takliflar taqdim etish bosqichida maxfiylik to‘g‘risidagi kelishuvlar (NDA) imzolandi hamda Aktivning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati bo‘yicha kompleks due diligence hisobotlariga kirish huquqi taqdim etildi. Shuningdek, korxona rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil qilindi.
Belgilangan muddatda 3 ta ishtirokchi majburiy takliflarini taqdim etdi. Savdolarda eng yuqori narxni taklif qilgan «Best Pipe and Parts» MChJ g‘olib deb topildi — UZS 230 mlrd. «Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning 31-moddasiga muvofiq, Xaridor tegishli hujjatlar imzolangan kundan boshlab bir oy ichida sotib olish summasining 35%ini dastlabki to‘lov sifatida amalga oshiradi.
Xaridor zimmasiga olgan majburiyatlar:
Aktivning asosiy faoliyat turini kamida 10 yil davomida saqlab qolish;
General Motors (AQSH) tomonidan tasdiqlangan litsenziar bilan texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha litsenziya shartnomalariga rioya qilish;
General Motors texnologik uskunasidan foydalanishga oid Bosh Alyans shartnomasi va boshqa tegishli shartnomalarda nazarda tutilgan talab va cheklovlarga amal qilish.
Xaridorning taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan indikativ narxlar diapazonining yuqori qismida joylashgan bo‘lib, Aktivning baholangan qiymatidan yuqoridir.
Xususiylashtirish jarayonining natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan ma’qullandi.
Portfolio Investments barcha xususiylashtirish jarayonida ishtirok etgan tomonlarga minnatdorlik bildiradi.
Portfolio Investments
Kontaktlar: info@piamg.uz | +998 71 267 7575